Boborahim Mulla Vali oʻgʻli Mashrab (taxallusi, 1640–1711) — oʻzbek adabiyotidagi yirik shoir va mutafakkirdir. Shoirning Namanganda tugʻilib, Balx shahrida vafot etgani haqida maʼlumotlar mavjud. Mashrab nomi XVIII–XIX asrlarda tuzilgan tazkira va tasavvufiy yoʻnalishdagi asarlarda (masalan, Muhammad Bade Maleho Samarqandiyning “Muzakkir ul-asʼhob”, Abdul Muttalib Xoʻja Fahmiyning “Tazkirai Fahmiy”, “Musavvai Abdushshukur Ziyo”, “Tazkirai avliyoi Majzub Namangoniy” va b.) zikr etiladi. Ammo ularda shoir hayoti va ijodiy faoliyati haqida keltirilgan maʼlumotlar nihoyatda kam.