“Mehrobdan chayon” — o‘zbek romanchiligining asoschisi Abdulla Qodiriyning ikkinchi yirik asari 1928-yil fevralda yozib tugatilgan. Roman birinchi marta 1929-yil Samarqandda bosilib chiqdi. Roman mavzusi XIX asr hodisalari “xon zamonlari” davridagi o‘zboshimchaliklarni ko‘rsatishga qaratilgan bo‘lsa-da, unda roman yozilgan davr ruhi kuchli singdirilgan. Romanda Anvar bilan Ra’noning sevgi sarguzashti, qalb nazokati shoirona tarannum etilgan.